Hujjatlar → Muammolar

Keng tarqalgan muammolar

Dastur xato sababini o'zi aytishga harakat qiladi — bu sahifa o'sha xabarlarni kengroq tushuntiradi.

«Kameraga umuman ulanib bo'lmadi»

Kompyuter va NVR bir tarmoqda emasligi eng ehtimoliy sabab. Kompyuterda cmd ochib ping NVR_IP yozing: javob bo'lmasa — kabel/kommutatorni tekshiring. NVR ba'zan internetdan alohida kabelda bo'ladi — kompyuterga ikkinchi tarmoq kartasi yoki NVR'ni umumiy routerga ulash kerak.

«Foydalanuvchi nomi yoki parol noto'g'ri»

NVR menyusidagi login bilan bir xil ekaniga ishonch hosil qiling (katta-kichik harf farq qiladi). Ayrim NVR'lar ko'p noto'g'ri urinishdan keyin vaqtincha bloklaydi — 5–10 daqiqa kutib qayta urinib ko'ring.

«Ulanish bor, lekin bu manzilda oqim yo'q»

Kanal raqami yoki yo'l formati noto'g'ri. «Barcha kameralarni topish» tugmasini bosing — dastur ma'lum formatlarni o'zi sinaydi. Brendingiz sahifasi: Hikvision · Dahua · Uniview.

«Kamera javob berdi, lekin tasvirni ochib bo'lmadi»

Deyarli har doim sabab — H.265 (HEVC) siqish. NVR menyusida shu kanalning substreamini H.264 ga o'zgartiring: Hikvision — Configuration → Video → Sub Stream; Dahua — Camera → Encode → Sub Stream.

«Kamera soati adashgan» (ONVIF kirishda)

ONVIF autentifikatsiyasi kamera soatiga bog'liq. Dastur farqni o'zi moslaydi, lekin juda katta farqda kamera baribir rad etishi mumkin. NVR menyusida vaqtni to'g'rilang yoki NTP yoqing (System → Time).

Qidiruv kamerani topmayapti

Ko'p NVR o'zini tarmoqda e'lon qilmaydi — bu normal. NVR IP manzilini qo'lda kiriting (natija bir xil bo'ladi). Windows o'rnatishda «tarmoq ruxsati» bandi o'chirilgan bo'lsa, qidiruv ishlamaydi — dasturni qayta o'rnatib bandni yoqing.

Telegram'ga xabar kelmayapti

1. Botga kirib /start bosganingizni tekshiring — bot avval siz yozmaguningizcha xabar yubora olmaydi.
2. Panel a'zosi ekaningizni tekshiring (hisob egasidan so'rang).
3. Kunlik hisobot kechqurun keladi; tezkor ogohlantirishlar faqat jiddiy hodisalarda (kamera o'chdi va h.k.) — har hodisada emas.

Hisobot bo'sh yoki kam sanayapti

Kirish chizig'i chizilmagan yoki noto'g'ri joyda. Chiziq eshik ostida, odam oyog'i kesib o'tadigan joyda bo'lishi kerak. Panelda chiziqni qayta chizing — hisob shu zahoti tiklanadi.

Yechim topilmadi?

Bog'laning — kamera modeli va xato matnini yozsangiz, tez javob beramiz.